Pandemiya sharoitiga moslashtirilgan namunaviy dars jadvali ishlab chiqildi

04 Сентябрь 2020
image

Xalq ta'limi vazirligi tomonidan 2020-2021 o'quv yilining 1-choragi uchun umumta'lim maktablarining pandemiya sharoitlariga moslashtirilgan namunaviy dars jadvali ishlab chiqildi

Mazkur dars jadvali asosida umumta'lim maktablarining navbatliligi (smenasi), o'quvchi o'rni, sinflar va o'qituvchilar sonidan kelib chiqib, ushbu namunaviy jadvalga moslashtirilgan holda dars jadvalini tuzish tavsiya etiladi.

Dars jadvalini tuzishda quyidagi talablarga e'tibor qaratiladi. Jumladan, bir vaqtning o'zida o'quvchilar ko'p to'planmasligi va tirbandlikni oldini olish uchun dars mashg'ulotlarining boshlanish vaqtlari belgilanadi (boshlang'ich sinflar uchun 8-00 da, 5-8 sinflar uchun 8-30 da, 9-11 sinflar uchun 9-00 da).

O'quvchilarning sog'ligini himoyalash, ijtimoiy masofani saqlagan holda ortiqcha muloqot qilishlarini oldini olish maqsadida, jismoniy tarbiya, chaqiriqqa qadar boshlang'ich harbiy tayyorgarlik, musiqa madaniyati, tasviriy san'at va chizmachilik, texnologiya hamda tarbiya fanlari o'quv yili boshida vaqtinchalik o'tilishi tavsiya etilmaydi, ushbu fanlar masofaviy ta'lim shaklidagi televizion darslar orqali o'zlashtirib boriladi. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, mazkur fanlardan dars berayotgan o'qituvchilarning oylik ish haqi to'liq saqlab qolinadi va ular maktabdagi o'quv-tarbiya jarayonini tashkil etish bilan bog'liq tashkiliy masalalarga jalb etiladi.

Tanaffus vaqtlarida sanitar-gigienik talablarga rioya etish, ijtimoiy masofani saqlash va o'quvchilarning o'zaro muloqotini cheklash maqsadida darslar oralig'ida qo'ng'iroqlar chalish tavsiya etilmaydi, tanaffus vaqtlarida bir vaqtda o'quvchilar to'planishiga yo'l qo'yilmaydi.

Darslar orasida 5 daqiqalik tanaffus beriladi, shuningdek, boshlang'ich sinfda 2-soat darsidan keyin, 5-11 sinflarda 3-soat darsidan keyin 10 daqiqalik katta tanaffus, smenalar oralig'ida esa 30 daqiqa tozalash uchun vaqt beriladi.

Masofaviy shaklda ta'lim olayotgan o'quvchilar uchun televizion darslar jadvali joriy yilning 10 sentyabridan boshlab vazirlikning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali e'lon qilib boriladi.

Eslatib o'tamiz, 2020/2021 o'quv yili rasman joriy yilning 14 sentyabr kunidan boshlanadi.

info@maktab.uz
@329_maktab
@329maktab
/329_maktab